Холдербай Усманович : другие произведения.

Donotelo (Hikoya). Донотело (Ҳикоя). Превращение(Рассказ на узбекском языке)

Самиздат: [Регистрация] [Найти] [Рейтинги] [Обсуждения] [Новинки] [Обзоры] [Помощь|Техвопросы]
Ссылки:
Школа кожевенного мастерства: сумки, ремни своими руками Юридические услуги. Круглосуточно
 Ваша оценка:

  Xoldor Vulqon
  O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi
  
  
  
  Donotelo
  (Hikoya)
  
  
  
  Donotelo tongda soqol qirtishlayotib, ko'zgugu boqqanicha qattiq qo'rqib ketdi.
  Yo'q, u oqargan sochlari siyraklashib, tepakal boshi qovoqqa o'xshab qolgani uchun emas, balki o'zining, tosh bilan ursa, chil -chil sinib ketishi mumkin bo'lgan omonat ko'zgu ekanini, ayni payt, o'zi aks etayotgan ko'zguni, xuddi ko'zgu kabi o'zida aks etdirayotganini sezib qoldi.
  Darvoqe, dunyoda ko'zguga aylanish va o'zining ko'zguga aylanib qolganini sezib yashash qanchalar mashaqqatli ekanini faqat ko'zguga aylangan odamlargina biladilar.
  Axir, o'zingiz o'ylang, ko'zguga aylangan omonat odamga bironta bola otgan daydi tosh yo g'isht parchasi kelib, tegsa, yo tumanda ko'rmay, bironta yo'lovchi bilan tasodifan to'qnashib ketsa, yo bo'lmasa, daraxt, yoki, beton simyog'ochga urilsa, u shu ondayoq jaranglab, chil -chil sinib, to'kilib, bir uyum shisha sinig'iga aylanishi mumkinda, Keyin xo'mraygan farrosh norozi qiyofada g'udranib, uning siniqlarini supurib, to'plab, axlat qutisiga uloqtirishi aniq.
  Ha, jismu jasadi shishaga do'ngan, shaffof odamga oson tutib bo'lmaydi. Donotelo o'sha tong ko'zguga qaramasa, soqol qirtishlamasa ham bo'lar ekan. Nega qaradi ko'zguga? Soqoli o'ssa, o'sib yuravermasmidi, tizzasiga tushib, shayton arava haydagan paytlari shamolda xilpirab, ko'cha ko'yda bola baqraga kayfiyat bag'ishlab. Shu voqeadan keyin Donotelo ishga ketayotib va qaytayotib, jamoat transportlarida juda ehtiyotkorlik bilan harakatlanadigan bo'ldi. Odam tirbant avtobuslarda tajang yo'lovchilarning birini akamsiz, boshqasini pochchamsiz deya iloji boricha ularning jig'iga tegmaslikka harakat qiladi. Xudo ko'rsatmasin, bironta janjalkash, tajang yo'lovchi tirsagi bilan biqiniga bir turtsa, tamom, Donotelo shu ondayoq shriq etib, bir xalta shisha sinig'iga aylanadi. Shu unga kerakmi? Yo'q, albatta. Bunday olib qaralsa, ko'chalarni to'ldirib borayotgan yo'lovchilarning ko'pchiligi allaqachon ko'zgugu aylanib bo'lganliklarini, hammalari yaraqlab, yarqirab, o'zlari sezmagan holda, o'zlarida bir birlarini aks etdirib borayotganlarini sezmaydilar hatto. Donotelo to kulgi xonasiga o'rnatiladigan qabariq, qiyshiq oynalarga aylangan odamlarni uchratmagunicha, "Bu dunyodagi hamma odamlar bir hil, rostgo'y, shaffof va beshafqat ko'zgu" degan o'z fikri ojizida sobit yuraverdi. Ammo, qing'ir ko'zgularga ko'zi tushishi bilanoq, burni qovunday, og'zi o'raday, qulog'i patnisday, ko'zlari xitoyi chiniy kosaday, qorni qopday, ingichka bo'yni haddan tashqari uzayib, qo'llari dashtdagi tovushqonning old oyoqlari kabi qisqarib, kalta oyoqlari qiyshayib ko'rinarkan, o'zini o'zi tanimay, kulgisi qistab, qaxqaxa otib yuborib, qing'ir oynaga aylanib qolgan baxil, qalbi qora, xasadgo'y kimsalarning fisqu fasodlariga, fitnalariga, tuxmatlariga, malomatlariga uchramaslik uchun ham u qabariq ko'zgularga iloji boricha qaramaganim ma'qul degan qarorga keldi. Odamzod shaffof, tiniq ko'zgugu aylangan kunidan boshlab, ming -ming odam olomoni ichida ham o'zini, xuddi ota -onasi yo'q yetimday, tog' o'ngirlarida o'z ovozining aks -sadosi bilan suhbatlashadigan yarim yovvoyi odamday yolg'iz his etaveradi va harchand urinmasin, baribir, qayta odamga aylanolmaydi. Borliq uning istak - irodasiga qarshi unda muttasil aks etaveradi ya'ni. Ba'zan, o'ziga o'zi: -Men ko'zgu emasman! - deya o'zini ishontirishga urinasada, aksiga olib, badtar jilvalanib, tevarakda yuz berayotgan hush -nohush voqea , hodisalarni, xususan, kitob o'qigani haqida emas, balki kecha bir yashiq aroqni to'rt kishi ichib yuborganlari, kamiga nasha chekib, qotib qolganlari haqida maqtanguvchi, jaxolat va naxs botqog'iga botgan avlodlar olomonini o'zida, o'z hoxishiga qarshi uziliksiz aks etdiraveradi. Ko'zguga aylangan odam, dunyoda yuz berayotgan qonli urushlarni, jangu jadallarda nohaq qurbon bo'layotgan ming -minglab soldatlaru, qo'ltiqtayoqda qush kabi dikonglab, xakkalab yurguvchi mayib, majrux ishga yaroqsiz nogironlarni, bog'chalarida bemalol o'ynolmaydigan, urush tufayli yetim qolgan begunox bolalarni, maktablarda ta'lim ololmay, savodsiz to'daga aylangan yosh avlodni, vayron qilingan shahru qishloqlarni, yuk -taqini aravalarga yuklab, o'z tug'ilib o'sgan Vatanlarini majburan tark etib, g'urbatga yuzlangan millionlab nochor qochqinlar yuz -ko'zidagi chuqur qayg'u - hasrat soyalarini, go'daklarning ko'z yoshlarini o'zida aks etdirgan paytlari, bironta tosh yo g'isht parchasini olib, o'zini o'zi urib, chil parchin qilib, sindirishni o'ylaydi, ammo bunga jur'at etolmaydi.
  - Koshki bu ko'zgu, o'rgimchak inlari osilgan tashlandiq kulbam derazasining qarovsiz oynalari kabi changu g'uborlardan xiralashsa, axmoq, mustabid, telba hukmdorlar boshlagan qonli urushlarni, o'z kursisida qolishi uchun millionlab yosh yigitlarni urush deb atalgan go'shtqiymalagichga tashlayotgan nodon, avtoritar, mustabid hukmdor sabab, quloqlarigacha sanksiyalar botqog'iga botgan jamiyatni, so'z, fikr va matbuot erkinligidan judo etilgan sho'rlik, mazlum xalqlarni aks etdirmasaydim! - deydi u, sovuq kuz zulmatida borliqni savalab yog'ayotgan yomg'irday achchiq - achchiq pichirlab.
  Ko'zguga esa, buyruq berib bo'lmaydi. Ko'zgu o'z mijozining kamchiliklarini ayovsiz, ro'yi rost ko'rsatib, o'z surat va siyratini to'g'rilab olishga, to'g'ri yashashga, halol ishlashga chorlaguvchi beminnat, sog'lom va haqgo'y muxolifat kabidir.
  Shular haqda o'ylar ekan, Donotelo ko'chada o'zlariga o'xshash ko'zgularning ko'zlarini qamashtirib, bir -birlarini o'zlarida aks etdirib, yaltillab, yaraqlab, qayoqqadir maqsadsiz ketib borayotgan qing'ir, qabariq ko'zgu olomoniga ich -ichidan g'oyibona achinadi, ularga rahmi keladi. Uydagi ko'zgu esa, boshqa gap. U ko'zguga qaragan zaxotingiz, siz ko'zguga emas, aksincha, ko'zgu, o'zi sezmagan holda sizga aylanadi. Yana bir sirli va ilohiy ko'zgu borki, u ko'ngil ko'zgusidir. Bu ko'zguni sindirish uchun tosh yo g'ishtning keragi yo'q. Uni bitta so'z bilan ham chil - parchin qilish mumkin. Singan qalb ko'zgusi ko'zga ko'rinmagani uchunmi, uning singan paytdagi jaranglagan tovushi eshitilmaydi va u sinsa yamab, chegalab, butlab ham bo'lmaydi. Chilparchin bo'lgan qalb ko'zgusining siniqlari, xuddi, aylantirsang, turli fantastik shakl - shamoil hosil qilguvchi koleydoskopdagi mayda shisha siniqlari kabi o'sha ko'zguga aylangan odam ichida, bir umr shiqirlab yuraveradi. U ko'zguda ko'zguga aylangan shaffof odamning bolaligi o'tgan joylar, allaqachon buzilib, o'rniga shahar barpo etilgan, ko'klam chog'i loypaxsa tomida qurtena, qarg'atirnoqlar o'sib, lolaqizg'aldoqlar ochilib yotgan pastak loypaxsa tomli qadrdon qishloq uylari, ko'chalar, paxta paykallari, dala shiyponi, ketmonlarining tig'i oftob nurida yaraqlab, dalalarda mehnat qilayotgan dexqonlar, yer bag'irlab uchayotgan qaldirg'ochlar, tolga osilgan traktor lemexini cho'yan murvat bilan urib, odamlarni tushlikka chaqirayotgan oshpaz xotin, Klang! -Klang! Klang! -deya uzoq - uzoqlarga taralguvchi zang tovushi, kimsasiz poda yo'li uzra jimirlagan sarob, kakkular sayrayotgan jiydazor, olis dala uvotlari, tanasiga quloch etmas mirzateraklarda, tollarda, baqateraklarda chug'ur chug'ur sayrab, quloqni batanga keltiradigan darajada shovqin solguvchi murosasiz, janjalkash shom chumchuqlari, uzoqlarda daranglagan paqir, buzoqning mahzun maragani, eshiklarning g'ijirlab ochilgani, jizillayotgan qozon, qozonga urilayotgan kafgir tovushini ham qo'yaturing, hatto och qolgan qonxo'r iskabtoparlarning mahzun, ayanchli g'ing'illashigacha aniq -tiniq eshitilguvchi shomgi g'arib, yuvosh sukunat va dalalar uzra, xuddi ipi qo'ldan chiqqan pufak kabi osmonu falakka sassiz sadosiz, ohista ko'tarilayotgan oy xuddi hozirgiday aks etib turaveradi. Donotelo chaqmoqlar chaqib, momaqaldiroqlar bo'kirguvchi yomg'irli kunlar, soyabon ostida ko'lmaklarni xatlab o'tayotgan mahal ko'lmak ko'zgusida jilvalangan o'z aksini, o'ychan qiyofasini ko'lmak ko'zgusi o'z hotirasida saqlab qolishiga, bu dunyoda barcha mavjudodlarning, hatto toshning ham hotirasi bor ekanligiga zo'r berib, o'zini ishontirmoqchi bo'ladi. Aslida, ko'zgu odam bolasiga endi u qadar yangilik emas. Negaki, u yaralmasidan avval ham bor edi. Dengiz, daryo va boshqa tiniq suv havzalarida, chelakdagi, yoxud cho'michdagi suvda osmon, bulutlar, oy va yulduzlar aks etar edi, lapanglab, jilvalanar edi. Lekin, ko'zgu kashf etilgach, odamlar unga eng sirli mo'jizaga qaraganday termuladigan bo'ldilar - o'ylaydi u. Shunday o'ylar og'ushida, xovuz suvining shaffof ko'zgusi uzra ildiz otgan ko'zagullarga, nilufarlarga, suv tubida xuddi akvariumdagiday bemalol lapanglab, biltanglayotgan baliqlarga hayratla termulgan Donotelo, baliqlarning soqov emasligi, ular nigoxlari yordamida bir birlari bilan nimalar haqidadir o'zaro muloqat qilishlari, ularni tushunish uchun esa, odamzod qunt bilan o'qib, baliq tilini o'rganishi kerak degan piravord, absurd, qat'iy bir xulosaga keladi. Hammadan ham, ko'zguning reaktiv tezligi Donoteloni qattiq hayratlantiradi. Darhaqiqat, ko'zguga qaragan oningiz, aksingiz ham nur tezligida sizga shu ondayoq yalt etib qaraydi. Kulsangiz, kuladi, xo'mraysangiz, u ham darrov qovog'ini uyadi. Go'yo ko'zgu ichida sizni zimdan, muntazam kuzatib yuradigan, sizga ikki tomchi suv kabi o'xshaydigan, eng og'ir damlarda ham sizdan yuz o'girmaydigan, hech qachon sizga xiyonat qilmaydigan mehribon, hayrihox, sadoqatli do'stingiz, qiyofadoshingiz yashaydiganday tuyulaveradi. Darvoqe, ko'zgu chindan ham rostgo'ymi? Yo'q, albatta. Ko'zgu aldaydi, u hammani laqillatadi.Sizni o'zingizga chiroyli qilib ko'rsataveradi ya'ni. Yaxshiyam deng, ko'zgu aldaydi. Yo'qsa, siz o'zingizning asl basharangizni ko'rib, qo'rquvdan yuragingiz kech kuzgi bog'dagii anorday tars yorilib, til tortmay o'lar edingiz. Agar ko'zgu aldamasa, siz o'zingizni dunyodagi eng oliyjanob, eng rostgo'y, eng aqlli, bu olamda bilmaydigan narsasining o'zi yo'q daho, faylasuf donishmand olim, farishtaday begunox, mabodo po'k etib o'lsa, Jannatga hammadan oldin kirishga shaxsan Yaratganning o'zidan kafolat olgan, Jannat kalitini ishtonbog'iga osib olgan odamday sezib, ko'zguga laqqa tushib yuravergan bo'lar edingiz. Yolg'iz odam ko'zguga boqsa, o'zining yolg'iz emasligini sezadi, xuddi xovuz ustida uchib yurib, tiniq suvda o'z aksini ko'rgan va bu sukunatda o'zimga o'xshagan yana bir beozor mavjudod parvoz qilmoqda ekan deya o'ylaguvchi qonsiz, rangpar, yuvosh kapalak kabi. Ko'zgu o'z mijozining ichki dunyosini yashiradi. Mijozning mo'riday qorayib yotgan qalbini ko'rib, bilib tursa ham, uni ataylab aldaydi, zoxirini aks etdiradi, botinini yashiradi. Yaxshiyam aldaydi. Ko'zguga aylangan odam esa, buning aksi. U o'z mijozini aldamaydi. Uning qabix va razil kimsa ekanini bilsada, unga: -Xafa bo'lmangu, lekin siz odam emas, xayvonsiz, cho'chqasiz, shaytonsiz! - deya aytgani jur'at etolmaydi. Boring, ana, aytdi ham deylik. Bu bilan nima o'zgaradi?Aytgani bilan, uning ko'zguga aylanib qolganidan butunlay bexabar, qabix va razil kimsa; -Ha, to'g'ri aytasiz, men rostdan ham, muvaqqat mansab -martaba, arzimagan moddiy manfaat uchun bosqinchi yovlarga nafaqat Vatan dorvozalarini ochib beradigan, balki o'z padari buzrukvorini, qiblagoxini ham qopga solib, olib chiqib berishga tayyor, dunyodagi eng pastkash, iflos, sotqin, qo'rqoq, baxil, xasadgo'y, manfur va jirkanch, it emgan xaromi, valadizinoman -dermidi? Demaydi. Undanda xatarlisi, bordiyu siz hamma haqida doimo yaxshi gaplarni aytib, yo yozib yurgan bo'lsangizu, siz haqingizda bironta odam bir og'iz iliq gap aytgani og'rinsa, boshingizga og'ir kunlar tushganda, bir paytlar siz uchun kerak bo'lsa, hech ikkilanmay o'zini o'zi xarakiri qilib, so'yib tashlashga tayyorligini izhor etgan do'stlaringiz sizdan yuz o'girib, ko'chada duch kelib qolsa, ko'rib, ko'rmaganga olib, shundoq yoningizdan o'tib ketayotgan bir zamon, kutilmaganda, o'sha siz rostgo'y, shafqatsiz, bezbet deb biladiganingiz - ko'zgu lop etib, sizning ham dinu diyonatli, vijdonli, jur'at -jasoratli, halol, pokdomon, ya'ni etagi toza, risoladagiday odam ekanligingizni aks etdirib yuborsa, deraza oynalari kir -chir, shiftidan o'rgimchak inlari osilib turadigan pastak, tashlandiq kulbangizda: -E voh, bu dunyoda men haqimda ham bir og'iz iliq gap aytgani og'rinmaydigan, zoxiriy va botiniy olamimni ro'yi rost aks etdiradigan mavjudod ham bor ekanku! -deya, jinchiroq shu'lasida goh ulkanlashib, goh qisqarib, devor uzra xunuk lopillayotgan soyangizga qo'shilib, xo'rlikdan yelkalaringizni silkitib, unsiz yig'lashingiz, qadr -qimmatingizni biroz bo'lsada joyiga qo'ygan ko'zgudan mangu minnatdor bo'lib, azbaroi xursandchilikdan hech kimga hech narsadan shikoyat qilmay, jimgina joningizni Jabborga topshirib, bu shafqatsiz fano tuprog'ini tark etishingiz hech gap emas. Lekin, negadir, Donotelo o'lishni sira istamaydi, mangu rohat farog'at maskani Jannatga shoshilmaydi. Qaytaga, Xudodan o'ziga uzoq umr tilaydi. U, o'ylay -o'ylay, oxiri qabariq ko'zgu olomonidan qutilish chorasini topdi va bir tong, kerakli anjomlarni, yozgan chizgan qo'lyozmalarini va o'zi uchun bebaho boylik, xazina xisoblangan noyob kitoblarini yo'l qopchig'iga joylab, birinchi elektrichka bilan qishloq tomon jo'nadi. Axir, ko'zguga aylanib qolgan odam uchun "Tez yordam", "O't o'chiruvchilar komandasi" va polisiya xizmat avtoulovining odam miyasini parmalab teshib, yuragini shishirib, bo'g'ziga tiquvchi daxshatli chinqirig'idan, zavod fabrikalarning radioaktiv chiqindilari tasiridan, zaharli tutunlaridan holi bahavo qishloq - qrimda chechaklar chamani ochilib yotgan o'tloqlardagi o't - o'lanlarni, osuda sukunatga halal bermay, unsiz uchganicha, kimsasiz dala yo'llarini, so'qmoqlarni paypaslab, dalada o'sgan yovvoyi gullar dudog'idan avaylab o'pib, toshdan, toshga qo'nguvchi kapalaklarni, chivinlarni dumi va quloqlari yordamida xaydab, tol soyasida rohatdan ko'zlarini yumib, bir maromda kavsh qaytarayotgan sigirlarni, o'tlashdan bir zum to'xtab, bir birlariga bosh irg'aguvchi otlarni, bedanalar sayrayotgan bug'doyzorlarni, jarqaldirg'och, ko'kqarg'alar teshib, in qurgan, xolland pishlog'i kabi ilma -teshik daryo jarliklarini, shamollarda sharsharadek shovullaguvchi sohil tollarini aks etdirib yashashdan ham ulkanroq baxt bormi bu dunyoda? Shunday xayollar bilan qishloqqa yetgach, Donotelo, sakrab elektrichkadan tushdi. Qishloq havosi muzdek, musaffo va yoqimli. Donotelo keng dalani kesib o'tayotib, bug'doyzor oralab ketgan ilonizi so'qmoqda bir zum to'xtadi va jiydazor tomonda sayrayotgan kakku ohiga quloq tutdi. So'ng, ufqlarga tutashib ketgan dalalarni, tolzorlarni, bog'u rog'larni o'zida aks etdirib borarkan, kutilmaganda, dala kezib, tezak terib yurgan ko'xlikkina ayolga duch keldi va salom alikdan so'ng, o'zini tanishtirar ekan, o'z navbatida ayolning ismini so'radi.
  -Mening ismim Asal-dedi yol, chiroyli jilmayib.
  -Ismingiz jismingiza mos, go'zal ayol ekansiz. Sizni ko'rib, ko'zlarim qamashib ketganidan sezdimki, siz ham shaffaf va musaffo ko'zguga aylangan odamlar toifasidan ekansiz. Sizni uchratganimdan va tanishganimdan xursandman -dedi Donotelo.
  -E, qo'ysangizchi. Qanaqa ko'zgu? Ko'zgu bo'lsam, allaqachon chil -chil sinib, adoyi tamom bo'lardim -ma'yuslandi Asal.
  -Nega? - ajablandi Donotelo.
  -Chunki erim, har kuni qo'lida oshpichoq yo oybolta bilan meni xovlima xovli tirqiratib, quvib, bolalarimni chirqiratib, qo'rqitib, dod degizib, sochlarimdan sudrab, to'g'ri kelgan joyimga urib, tepib, molday do'pposlaydi -javob berdi Asal.
  -Nega uradi? Ursa, indamay turaverasizmi? Qo'ni qo'shnilarni yordamga chaqirmaysizmi? Uchastkavoy melisa qayoqqa qaraydi? Mahalla komiteti bor. Oqsoqollar eringiznii bunday o'rtaga olib, nasixat qilib, tartibga chaqirib, esini kiritib qo'ysa bo'lmaydimi? Axir, u sizni bolta bilan chopib, yo pichoq bilan chavaqlab qo'ysa nima bo'ladi? Yo eringiz ruhiy kasalmilar? -dedi, badtar hayron bo'lib Donotelo.
  -Yo'q, erim jinni emas, shoir. Yaxshi she'rlar yozadi. Yaqinda bir she'ri "Adabiyot oqshomlari" gazetasida chop etildi -dedi Asal.
  -O, shunaqa deng? Eringiz she'r yozsalar, she'ri gazetada chop etilgan bo'lsa, tuppa tuzuk odam ekanku!- dedi, qiziqib, Donotelo.
  -Devoriy gazetada - ma'yus jilmaydi Asal.
  -E, shundaymi? Tushunarli -dedi Donotelo. Keyin, davom etdi:
  -Xonim, xafa bo'lmangu, men baribir bu gaplaringizga ishonmayman. Axir, shoir odam o'z yurish - turishi, odob - axloqi bilan hammaga o'rnak bo'ladigan ziyoliy bo'lsa. Ziyoliy odam hech qachon o'z xotinini do'pposlamaydi, qo'lida oshpichoq, oybolta bilan uni xovlima xovli quvmaydi.Faqat ruhan nosog'lom odamgina shunday qilishi mumkin - dedi u.
  -Bilasizmi, gap shundaki, erim ichkilikka mukkasidan ketgan shisha g'aribi. Ichkilik ichib olsa, tamom. Bir zumda qip -qizil jinniga aylanadi, qoladi. Biron joyda yolchitib ishlamaydi.To'g'rirog'i, ish beruvchilar uni ishga olgani qo'rqadilar. Ishxondagi narsalarni o'g'irlab olib chiqib, sotib ichib yuboradi yo mastlikda og'zidagi sigaret bilan uxlab qolib, korxonga o't qo'yvoradi deya o'ylaydilar. Hullas, erim topganini ichadi. Mening tezak terib, sotib, to'plagan pullarimni ham tortib olib, ichib qo'yadi. Nima qilay, u alkash bilan shartta ajrashib, biron yoqqa ketib yuboray desam, ikkita qorako'z, norasida bolalarim bor.Ularni kimning etagiga solaman? Sabr qilamanda. Peshanom qursin, sho'r ekan... Erim ichkilik ichgani uchunmi, oilamizda baraka yo'q. Bolalarimni quruq non -choy bilan boqaman. Issiq ovqat qilgani masalliq qayda?Oyda bir issiq ovqatga og'zi tegmaydigan bolalarim hech yo'q yilda bir quloqlari qirsillab go'sht yemaydi -dedi Asal, tezak to'la qanor qop ustida o'tirganicha, uzoq uzoqlarga g'amgin termulib.
  -Donotelo, savol berganingizga ham qattiq pushaymon bo'lib, sho'rpeshona ayolga va uning bechora farzandlariga ich - ichidan achinib ketdi.
  Asal yana nimadir demoqchi bo'lib, og'iz jaftlagan payt, kutilmaganda yiqilib, qoqilib, turtinib kelayotgan erini ko'rib, esxonasi chiqdi.
  -Voy, erim kelyapti. Qoching! U sizni o'ldirib qo'yishi mumkin! -dedi, daxshat ichra rangi bo'zday oqarib, Asal, Donoteloni yaqinlashib kelayotgan xatardan ogoxlantirib.
  Donotelo, garchand o'zining musht tegsa chil chil sinishi mumkin bo'lgan omonat va shaffof ko'zguga aylanganni bilsada, jafokash ayol Asalni tashalab, qochib ketishga uyaldi.
  Bu oarda Asalning eri qo'lida yarim kilocha keladigan tosh bilan baqira boshladi.
  -Vay, maraaaaaz! "Men sizga hech qachon xiyonat qilmaganman, bundan keyin ham xiyonat qilmayman" -deya qasam ichgan edingku, qanjiq! Kim bu isqirt?! Kim deyapman senga! Tezroq javob ber, manjalaqi!.. Kimsan, ey, xayvon! Nega mening xotinimga gap otyapsan?! Seni duelga chaqiraman! Ma'lumoting uchun, hamma buyuk shoirlar duelda o'lgan! Men ham sen bilan bo'ladigan duelda shaxid bo'lmoqchiman!Sekundantingni yolla!..Revolverning keragi yo'q! Seni shu oddiy tosh bilan asfalasofinga jo'nataman! -dedi, qo'lidagi yarim kilocha keladigan toshni otishga shaylanarkan, mastlikdan ko'zlari go'laygan Asalning eri.
  Donotelo shisha g'aribining qo'lidagi yarim kilocha keladigan vazmin toshga havotili qararkan: - Omonat ko'zguga aylanib qolmaganimda ham boshqa gap edi -deya xayolidan o'tkazdi. Keyin tarixiy fojiyaning oldini olish maqsadida, Asalning erini insofga chaqirib, shosha -pisha gapira boshladi.
  -O'zingizni bosing, janob! Extirosga berilmang! Men shunchaki shahardan kelgan bir mehmon. Xotiningizdan yo'l so'rab turgan edim. Iltimos, qo'lingizdagi toshni tashlang!..Birodar, haygi, nima desam ekan?.. Qisqasi, men, yaqinda Xudoning qudrati bilan ko'zuga aylanib qolganman! Tushunyapsizmi?! Menga tosh tegsa tamom. Chil -chil sinib, shundoq ko'z o'ngingizda bir xalta shisha sinig'iga aylanishim mumkin! Siz otmoqchi bo'lib turgan narsa qimmatbaho tosh, ya'ni olmosmi, oltinmi bo'lsa ham mayli edi -dedi, hamon mayxo'rning qo'lidagi toshdan ko'zlarini uzmay, Donotelo, havotir ichra.
  Shu mahal Asalning eri: -Kuf -suf! - deya toshga dam soldi. So'ng: -Mening qo'lim emas, qadim zamonlar Vatanimizga bostirib kelgan minglab bosqinchilarni tosh bilan urib o'ldirgan qahramon bobomiz Muqbil toshotar hazratlarining qo'li! -deya baqirganicha, qulochkashlab turib, qo'lidagi toshni Donoteloga qarata otdi. Bu payt, ming afsus va nadomatlar bo'lsinki, Donotelo uchun qochishning deyarli imkoni qolmagan edi.
  Asalning turmush o'rtog'i qulochkashlab otgan tosh kutilmaganda aniq mo'ljalga tegar ekan, Donoteloning boshi tarvuzday tars etib yorildi va u xushini yo'qotib, o't -o'lanlar ustiga gursillab quladi. Mayxo'r, go'yo hech narsa bo'lmaganday, "Voydod, kim booor?! Musulmonlar! Yordam beringlaaar! -deya orqa - oldiga qaramay qochib borayotgan sho'rlik xotinining ortidan quvlab ketdi.
  Donotelo, anchadan keyin o'ziga kelarkan, ko'm -ko'k, poyonsiz osmonga, shoshqin bulutlarga termuldi. Sevinchdan ko'zlari jiqqa yoshga to'ldi.
  -Hayriyat! Men ko'zgu emas ekanman! Men ham odam ekanman, odam! -dedi u, borliqni savalab yog'ayotgan bahor yomg'irlari kabi pichirlab...
  
  
  
  17-06-2024.
  Kech soat 8:10.
  Kanada, Ontario.
  
  
  

 Ваша оценка:

Связаться с программистом сайта.

Новые книги авторов СИ, вышедшие из печати:
О.Болдырева "Крадуш. Чужие души" М.Николаев "Вторжение на Землю"

Как попасть в этoт список

Кожевенное мастерство | Сайт "Художники" | Доска об'явлений "Книги"